Mehri Bekjononova
Театр: Муқимий номидаги Ўзбекистон давлат мусиқали театри
Oʻzbekiston xalq artisti
1962 yil 1 yanvarda Namangan viloyati Pop tumanida tug`ilganman. Rahmatli otam G`ulomjon Hojimatov oddiy ishchi bo`lgan, insultga chalinganidan so`ng nogironlik nafaqasiga chiqqan. Onam Aziza Otajonova kolxozda ishlagan, hozirda nafaqada. Oilada uch farzandmiz, ikkita ukam bor. Tabiatan o`g`il boladek fe`lim bor, shaddodman. Taqdir taqozosi bilan ota-onamning turmushi bo`lmagach, onamning ota-onasi qo`lida katta bo`lganman. Buvam temirchi edi, yonida shogirdidek turib, o`g`il bola qiladigan ishlarni ham bajaraverardim. Hatto meni “Mehrillo, o`g`lim”, deb chaqirardilar (kuladi). Bolalarcha fikrlab, otam va uning qarindoshlariga nafrat ko`zi bilan qarardim. Onamning qiynalganini ko`rganim uchunmi ajrashishgani ruhiyatimga qattiq ta`sir qilgan. Institut talabasi bo`lgan kezlarim buvam “O`g`lim, avvalo otangizni, buva-buvingizni ko`rib keling. Ular ham sizni sog`inishadi”, deb borishga majburlardilar. Birga yashamaganimiz uchun otam meni “Mehrixon, qizim”, deb sizlab gapirardi, bundan esa g`azab otiga minardim, g`ashim kelardi. Ota mehri, to`laqonli oilada yashash baxtidan judo qilgani uchun ham otamni yomon ko`rardim. Ulg`aygach, bolalarcha fikrlab xato qilganimni tushunganman. 1969 yil Lunacharskiy nomli 1-o`rta maktabning birinchi sinfiga qadam qo`yganman. Bu maktabda 4-sinfgacha o`qiganman. Boisi, bir nechta mahalla uchun yangi maktab qurilgan. Va mahallamizdagi yoshlarni Nazarali Niyozov nomidagi 40-o`rta maktabga o`tkazishgan. A`lochi, eng faol o`quvchilardan biri bo`lganman. Maktabimizdagi “Nihol” nomli san`at to`garagiga ham a`zo edim. Hamma tadbir, tanlovlarda doim birinchi o`rin menga nasib qilgan, hatto respublika bosqichigacha etib borganman. Yodimda, televidenie shu ansamblimiz haqida teleocherk tayyorlaganida uchta qo`shig`im bilan ishtirok etgandim. Direktorimiz meni “Maktabimiz yulduzi” derdi (kuladi). Meva va paxta terimlariga borganimizda, oshpazlik doim mening chekimga tushardi. Katta doshqozonda ovqat tayyorlardim.